Termiz va Muzrabot tumanlarida ishlab chiqarish quvvatlari hamda eksport salohiyatini oshirish masalalari muhokama qilindi

Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov eksport hajmlarini ko'paytirish va ishlab chiqarish quvvatlarini oshiruvchi investitsiya loyihalari bilan tanishish maqsadida hududlarga tashrifini Termiz tumanidan boshladi.

Dastlab, tumanning “Qahramon” mahallasida “Gold agro fresh” MChJning 100 gektar maydonda joylashgan issiqxonalar kompleksida eksportbop mahsulotlar yetishtirish faoliyati bilan tanishildi. Qiymati 118,4 mlrd so‘mni tashkil etuvchi loyihada 500 ta ish o‘rni yaratilgan bo‘lib, yiliga 7 ming tonna eksportbop sabzavot va poliz mahsulotlari yetishtiriladi. Viloyat rahbari nafaqat eksport, balki aholini sifatli mahsulotlar bilan ta’minlovchi bu kabi yirik loyihalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash lozimligini ta’kidladi.

Shundan so‘ng, “Soliobod” mahallasi hududida "SHAXRUZ BUILDINGS" MChJ tomonidan amalga oshirilgan parrandachilik kompleksi faoliyati bilan tanishildi. Ayni vaqt 48 ming bosh parranda parvarishlanayotgan loyihaning qiymati 44 mlrd so‘m bo‘lib, 30 ta ish o‘rni yaratilgan. Ish o‘rinlarining 14 tasida yoshlar band qilingan.

Hududlarga tashrifini Muzrabot tumanida davom ettirgan viloyat rahbari “Yurtim jamoli” mahallasida joylashgan “Surxondaryo qurilish montaj” MChJning temir beton mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasi faoliyati bilan tanishdi. Loyihaning qiymati 1,2 mlrd so‘m bo‘lib, to‘liq tadbirkorning mablag‘lari hisobiga amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida 8 ta yangi ish o‘rinlari yaratish hamda yillik 2 750 kub metr yoki 2,7 mlrd so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

Tumanning “At-Termiziy” mahallasida “Generous south” MChJ tomonidan amalga oshirilayotgan un mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi tanishuvning keyingi manzili bo‘ldi. 7,3 gektar maydonda, 95 mlrd so‘mga amalga oshirilayotgan loyiha 2025 yilda ishga tushirilishi mo‘ljallangan bo‘lib, to‘liq quvvatda faoliyat boshlagach yiliga 5 mln dollarlik mahsulot eksport qilinadi hamda mahalliy bozorga 10 ming tonna sifatli un mahsulotlari yetkazib beriladi.

Viloyat rahbari tuman iqtisodiy salohiyatini to‘liq ishga solish, ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish, ish o‘rinlari sonini oshirish hamda eksport hajmini ko‘paytirish lozimligini ta’kidlab, tanishuvlar davomida mutasaddilarga tadbirkorlarni qo‘llab quvvatlash hamda korxonalar faoliyatini rivojlantirish borasida vazifalarni belgilab berdi.

Tashrif yakunida “Zoom” platformasi orqali shahar va tumanlar studiyalari bilan bog‘langan holda viloyatda eksport ko‘rsatkichlarining bajarilishi muhokama qilindi hamda eksportyor korxonalarning mavjud muammolari tinglandi. Eksport ko‘rsatkichlarini oshirish, eksportyorlarni qo‘llab-quvvatlash, mahsulot ishlab chiqarish va yetishtirish hajmini oshirish yuzasidan mutasaddilarga vazifalar topshirildi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.