Sho‘rchida “Yoshlar va turizm” ko‘chasi ochildi hamda ijtimoiy soha obyektlari faoliyati bilan tanishildi

Davlatimiz Rahbari tomonidan hududlarda yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishi uchun sharoitlar yaratish hamda turizmni rivojlantirish, 24/7 rejimda faoliyat yurituvchi “Yoshlar va turizm” ko‘chalarini tashkil etish bo‘yicha vazifalar belgilab berilgan edi. Mazkur topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida Surxondaryo viloyatining har bir hududida bittadan jami 15 ta ko‘cha tanlab olinib, namunaviy loyihalar asosida ishlar olib borilmoqda.

Jumladan, bugun Sho‘rchi tumani Guliston mahallasi hududida tashkil etilgan “Yoshlar va turizm” ko‘chasi foydalanishga topshirildi. Tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etdi.

Sho‘rchida tashkil etilgan mazkur ko‘chada 2 ta mini stadion, 250 o‘rinli tomoshagoh, "Varkout", basketbol, valeybol va harbiy-Vatanparvarlik musobaqalari o‘tkazish uchun mo‘ljallangan maydonlar hamda 50 o‘rinli amfiteatr barpo etilgan. Shuningdek, ko‘cha bo‘ylab 3,4 km uzunlikda veloyo‘lak tashkil etilgan. Bundan tashqari hududda gulchilik va ko‘chatchilikka ixtisoslashtirilgan issiqxona ham qurilgan.

Viloyat rahbari ko‘chaning tantanali ochilish marosimida ishtirok etib, tuman nuroniylari va faollari bilan suhbatlashdi. Shuningdek, hududda joylashgan maktabning bo‘sh binosida tashkil etilgan sport to‘garaklari hamda YoChQT va fizika faniga ixtisoslashtirilgan xonalar ko‘zdan kechirildi.

Tadbir yakunida mutasaddilar ko‘cha bo‘ylab tashkil etilayotgan bog‘ hududiga daraxt ko‘chatlari ekdi.

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Sho‘rchi tumaniga tashrifini davom ettirib, "Tolli" oilaviy shifokorlik punkti faoliyati bilan tanishdi.

Tibbiyot maskani sharoitlari, kadrlar bilan ta’minlanishi, shuningdek, bemorlarga xizmat ko‘rsatish darajasi bilan tanishildi hamda mutasaddilarning oilaviy shifokorlar tomonidan ko‘rsatiladigan dastlabki tibbiy yordam, diagnostika va profilaktika xizmatlar borasidagi axboroti tinglandi. Oilaviy shifokorlik punktlarining aholi salomatligi uchun ahamiyati ta’kidlanib, xizmat sifatini oshirish, zarur uskunalar bilan ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha tavsiyalar berildi.

Shundan so‘ng, 20-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyati bilan tanishilib, bolalar uchun yaratilgan sharoitlar ko‘zdan kechirildi. Viloyat rahbari bolalarni sog‘lom ovqatlanitirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda mavjud sharoitlarga e’tibor qaratdi. Bolalarga ratsion asosida, sanitariya-gigiena qoidalariga qat’iy amal qilgan holda tayyorlangan ovqatlarni berish lozimligini ta’kilab, mutasaddilarga bu borada qat’iy nazorat o‘rnatish vazifasini topshirdi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.