Oltinsoyda kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash ishlari va korxonalar faoliyati bilan tanishildi

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Oltinsoy tumaniga tashrif buyurib, dastlab, Karsagan mahallasida “Grapes and Gardens Surxon” MChJning zaytun yetishtirish faoliyati bilan tanishdi. Viloyat rahbari tadbirkorning roziligi bilan ko‘chatlar oralig‘idagi bo‘sh maydonlarni ko‘makka muhtoj, tomorqadan foydalanish istagida bo‘lgan oilalarga bo‘lib berish zarurligini ta’kiladi. Bu orqali aholini band qilish, bo‘sh yer maydonidan samarali foydalanish mumkinligi, shuningdek, tadbirkor ham oraliq maydonni tozalash bilan ovora bo‘lmasligi qayd etildi.

Viloyat rahbari Karsagan mahallasiga tashrifini davom ettirib, “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturiga kiritilgan Shavkat Chorshanbiyev xonadonida bo‘ldi. Oila tuman hokimining o‘rinbosariga biriktirilgan bo‘lib, qoramol va parrandalar yetkazib berilgan hamda tomorqasi haydalib, ekin ekishga tayyorlangan. Mutasaddilarga oilaning davolanish masalasidagi murojaatini hal qilish, yashash sharoitlarini yaxshilash yuzasidan vazifalar belgilab berildi.

Shuningdek, og‘ir hudud toifasiga kiruvchi ushbu mahallada infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilandi. Viloyat rahbari mahalla bo‘ylab o‘rganishlari davomida hududdagi sartaroshxona va tikuvchilik markazi faoliyati bilan ham tanishib, migratsiyadan qaytgan fuqarolarning bandligini ta’minlash borasidagi ishlar yuzasidan mas’ullarning axborotini tingladi.

Shundan so‘ng, tumanning Ekraz mahallasida faoliyat yuritayotgan “Ab sux super” xususiy korxonasining yumshoq mebellar ishlab chiqarish faoliyati bilan tanishildi. Umumiy qiymati 1 mlrd so‘mni tashkil etuvchi mazkur loyihada bugungi kunda 12 nafar ishchi faoliyat yuritayotgan bo‘lib, 1 ming dona mebel ishlab chiqarish quvvatiga ega.

Keyingi manzil "Sulton sharbati" MChJ agrofirmasining uzumdan vino ishlab chiqarish korxonasi bo‘ldi. Viloyat rahbari ishlab chiqarish jarayonlarini ko‘zdan kechirib, tadbirkorning korxona faoliyatini kengaytirish va yangi loyihalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha taqdimotlari bilan tanishdi. Xususan, tadbirkor 2025-2026-yillarda umumiy qiymati 6 mlrd so‘mlik mehmonxona, 3,7 mlrd so‘mlik konyak spirti ishlab chiqarish, 14 mlrd so‘mlik uzumni qayta ishlash, qadoqlash sexi va vino yerto‘lasi qurish hamda 7,5 mlrd so‘mlik ekoturizm maskanlarini tashkil etish tashabbusini bildirdi. Mazkur loyihalarni amalga oshirilishi hisobiga 75 ta yangi ish o‘rni yaratilishi ta’kidlandi.

Viloyat rahbari loyihalar bilan tanishib, o‘zining zarur tavsiyalarini berdi hamda mutasaddilarga ularni amalga oshirish bilan bog‘liq masalalarda tadbirkorga ko‘mak ko‘rsatish vazifasini topshirdi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.