Uchta tumanda turizm, madaniy meros va xotin-qizlar bandligi masalalarida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishildi

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov haftalik ish rejasining juma kuniga mo‘ljallangan ish kuniga muvofiq Termiz, Angor va Muzrabot tumanlarida bo‘lib, turizm, madaniy meros, madaniyat va ommaviy kommunikatsiyalar hamda xotin-qizlar bandligi masalalarida amalga oshirilayotgan ishlar, loyihalarning borishi bilan tanishdi.

Dastlab, Termiz tumanida Fayoztepa va Qoratepa madaniy meros obyektlarini "Ochiq osmon" ostidagi muzeyga aylantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda majmuaning mavjud holati ko‘zdan kechirildi. Bu borada belgilab berilgan vazifalar ijrosi yuzasidan mutasaddilar axborot berdi. Viloyat rahbari majmuani ko‘zdan kechirib, sharqiy Osiyo davlatlaridan tashrif buyuruvchi turistlarni eng ko‘p qiziqtiruvchi mazkur obyektlarda infratuzilmani yaxshilash, sayyohlar uchun qulayliklar yaratish borasida vazifalarni belgilab berdi.

Shundan so‘ng, Termiz, Angor va Muzrabot tumanlarida tashkil etilayotgan 24/7 rejimda faoliyat yurituvchi "Yoshlar va turizm" ko‘chalarida olib borilayotgan qurilish-ta’mirlash ishlarining borishi bilan tanishildi. Avvalgi tashriflarda berilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan mutasaddilarning axborotlari tinglandi.

Viloyat rahbari Muzrabot tumaniga tashrifini davom ettirib, Axborot-kutubxona markazida yaratilgan sharoitlar hamda 1-son maktabning bo‘sh binosida xotin-qizlar bandligini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan hunarmandchilik markazi, jumladan, tikuvchilik kursi faoliyati bilan tanishdi. Kutubxonadan foydalanuvchilar sonini oshirish maqsadida kitobxonlik targ‘ibotini kuchaytirish, ishsiz xotin-qizlarni tikuvchilik kurslarida o‘qitib, kasb-hunarli qilish, bandligini ta’minlash vazifalari topshirildi.

Keyingi manzilda oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, ajrimlarni oldini olish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar, ajrimlar ko‘p qayd etilgan sektor mahallalari hamda jinoyatga moyil ayollarga biriktirilgan mas’ullar tomonidan olib borilayotgan tadbirlar mutasaddilar ishtirokida muhokama qilindi.

Shuningdek, turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar hamda oila va xotin-qizlar yo‘nalishlaridagi sohalarni rivojlantirish bo‘yicha belgilab berilgan vazifalar, qabul qilingan dastur va chora-tadbirlar ijrosi tahlil qilindi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.