Uchta hududda turar-joylar va ijtimoiy soha obyektlari qurilishi bilan tanishildi
Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov o‘zining haftalik ish rejasiga muvofiq qurilish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida hududlarga tashrifini Termiz tumanidan boshladi. Xususan, "Yangiobod" mahallasida barpo etilayotgan "Yangi O‘zbekiston" massivida turar joylar, universitet binolari hamda "Yangi O‘zbekiston" bog‘i hududida amfiteatr qurilishi, uning atrofida daraxt ko‘chatlari ekish ishlari bilan tanishildi. Shuningdek, hududda dam olish maskani barpo etish loyihasi taqdimot qilindi.
Viloyat rahbari qurilish va obodonlashtirish ishlarini tizimli olib borish, muddati kelgan turar joylar hamda universitet binolari qurilishini joriy yil mart oyiga qadar yakunlab, "Navro‘z" bayrami arafasida foydalanishga topshirish vazifalari belgilandi.
Shundan so‘ng, Termiz shahrida Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazining Surxondaryo filiali binolarini rekonstruksiya qilish hamda asosiy binoga qo‘shimcha reanimatsiya va qabul bo‘limlari, shuningdek, kislorod stansiyasi qurish uchun ajratilgan yer maydoni, qurilish loyihalari taqdimoti ko‘rib chiqildi. Markaz binolarini belgilangan loyihalar asosida sifatli qurish, har taraflama qurilish normalariga qat’iy rioya qilish lozimligi qayd etildi.
Viloyat rahbari Termiz shahri "Manguzar" mahallasida ko‘p qavatli turar joylar va davlat investitsiya dasturi doirasida 504 o‘rinli o‘quv binosi, sport zal va 222 o‘rinli yotoqxonasi bo‘lgan Ixtisoslashtirilgan maktab interneti qurish loyihalari bilan tanishdi. Maktab binosini qurish bo‘yicha ishlarni boshlash, sifatli amalga oshirish yuzasidan mutasaddilarga vazifalar belgilab berildi.
Keyingi manzil Jarqo‘rg‘on tumanida barpo etilayotgan "Yangi O‘zbekiston" massivi bo‘ldi. Bu yerda turar joylar hamda ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish nuqtalari tashkil etish ishlarining borishi bilan tanishildi. Aholini turar joylar bilan ta’minlash, shuningdek, hududda ish o‘rinlarini yaratish maqsadida tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirish yuzasidan navbatdagi vazifalar topshirildi.
Hududlarga tashrif so‘ngida Termiz tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli tug‘ruq kompleksi binolarini rekonstruksiya qilish ishlarining yakuniy bosqichi ko‘zdan kechirildi. Viloyat rahbari mas’ullarga ishlarni sifatli yakunlash hamda shifoxonani keyingi hafta foydalanishga topshirishga tayyorlash vazifasini yukladi.
-
Manzil :Termiz shahar, At-Termiziy, 1-A uy. Jamoat transportlari: 2,4,8,222,17,13,5
-
Telefon :+998 (76) 224-02-89, 1088 Antikorrupsiya +99876-228-0190-2012
-
E-mail:gov@surxondaryo.uz