Surxondaryoda Vatan himoyachilari kuni bayrami keng nishonlandi
Bugun O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 33 yilligi va 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni Surxondaryo viloyatida ham katta ko‘tarinkilik bilan nishonlanmoqda.
Xususan, bayram tantanalari Termiz shahridagi Xotira maydoniga Surxondaryo viloyati hokimligi, davlat va jamoat tashkilotlari xodimlari, ofitser, serjant va harbiy xizmatchilar, Qurolli Kuchlarimiz faxriylari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirokida harbiy orkestr musiqa sadolari ostida “Motamsaro ona” haykali poyiga gulchambarlar qo‘yish, Vatanimiz tinchligi, xalqimiz osoyishtaligi yo‘lida jon fido qilgan yurtdoshlarimizni xotirasini yod etish tadbirlari bilan boshlandi.
Shundan so‘ng, Termiz shahridagi “San’at saroyi” majmuasida tantanali tadbir o‘tkazildi. Unda Surxondaryo viloyati hokimi – Harbiy-ma’muriy sektor rahbari Ulug‘bek Qosimov ishtirok etib, yig‘ilganlarni Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganligining 33 yilligi va Vatan himoyachilari kuni bilan tabrikladi.
Tantanali tadbirda Qurolli kuchlar va huquqni muhofaza qiluvchi idoralarda xizmat qilayotganlarning bir guruhi viloyat hokimining faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Qurolli Kuchlar orkestr va ansambl jamoalari hamda viloyat Madaniyat boshqarmasi san’atkorlari tomonidan namoyish etilgan konsert dasturi osoyishta yurt posbonlariga bayram kayfiyatini ulashdi.
-
Manzil :Termiz shahar, At-Termiziy, 1-A uy. Jamoat transportlari: 2,4,8,222,17,13,5
-
Telefon :+998 (76) 224-02-89, 1088 Antikorrupsiya +99876-228-0190-2012
-
E-mail:gov@surxondaryo.uz