Hududlarda qishloq xo‘jaligi loyihalari va irrigatsiya tarmoqlari modernizatsiyasi ishlari bilan tanishildi

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, yo‘lga qo‘yilayotgan loyihalar hamda irrigatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish tadbirlarining borishi bilan tanishish, topshiriqlar ijrosini ko‘zdan kechirish maqsadida bugun Jarqo‘rg‘on, Angor va Muzrabot tumanlariga tashrif buyurdi.

Dastlab, Jarqo‘rg‘on tumani "Jayraxona" hududidagi "Kamola Kamolbek quyun" fermer xo‘jaligining 18 gektarlik maydonida zamonaviy usullarda yer tekislash ishlarining borishi ko‘zdan kechirildi. Shuningdek, "Termiz Jayxun Klaster" MCHJ tomonidan yangi yerlarni foydalanishga kiritish orqali tashkil etilgan 100 gektarlik limonchilik issiqxonasi bilan tanishildi.

Shundan so‘ng, viloyat rahbari Angor tumanida "Novshahar" kanalini betonlashtirish ishlarining borishi bilan tanishdi. Umumiy qiymati 6 mlrd 175 mln so‘m bo‘lgan mazkur loyiha doirasida kanal inshootlari bilan birga rekonstruksiya qilinmoqda. Bu orqali 5,7 ming gektardan ortiq maydonga suv yetkazib berish samaradorligi oshadi hamda behuda sarf bo‘lishi iqtisod qilinadi. Shu yerning o‘zida Angor tumani markazida oqova suv tarmoqlari va oqova suvlarni tozalash inshooti qurish loyiha takliflari taqdimoti ko‘rib chiqildi.

Hududlarga tashrifini Muzrabot tumanida davom ettirgan viloyat rahbari "R-1-V" kanalini inshootlari bilan birga rekonstruksiya qilish loyihasining borishi bilan tanishdi hamda mutasaddilarning hisobotlarini tingladi. Ushbu loyiha uchun 9 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan bo‘lib, 1928-yilda barpo etilgan kanalning 8 km qismi to‘liq betonlanmoqda. Shuningdek, tashrif davomida tuman Suv yetkazib berish markazi tomonidan "R-1-B" arig‘ini betonlash ishlari bilan ham tanishildi.

Viloyat rahbari har bir tashrif obyektida irrigatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish, obi hayotning har bir tomchisini asrash, behuda sarfini kamaytirish, dala chetlaridan samarali foydalanish hamda yer maydonlarini sifatli tekislab, ekin mavsumiga puxta hozirlik ko‘rish yuzasidan chora-tadbirlarni belgilab berdi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.