Qumqo‘rg‘onda ish o‘rinlari, eksport va "yashil" energiya imkoniyatlari kengaymoqda

Prezidentimiz huzurida kuni-kecha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash, investitsiya va eksport imkoniyatlarini oshirish borasidagi ishlar bilan tanishish maqsadida Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov hududlarga tashrifini Qumqo‘rg‘on tumanida davom ettirdi.

Dastlab, "Uyas" mahallasida yashovchi Botir Nuraliyev xonadonida issiqxonachilik faoliyati bilan tanishildi. Shuningdek, xonadonda energiya tejamkorlikni ta’minlash maqsadida geokollektor qo‘yilgan bo‘lib, xonadon sohibi bilan energiya sarf-xarajatlaridagi farq haqida suhbat qilindi. Viloyat rahbari aholini shaxsiy tomorqadan samarali foydalanishga o‘rgatish orqali kambag‘allikni qisqartirish, mahsulot yetishtirish hajmini oshirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash hamda eksport ko‘rsatkichlarini oshirish muhimligini ta’kidladi.

Shundan so‘ng, "Agro Processing Group" MCHJning meva-sabzavotlarni qayta ishlash hamda quritish korxonasida aholining yetishtirgan mahsulotlarini sotib olish va tayyor mahsulot ishlab chiqarish ishlari bilan tanishildi. Viloyatdagi qayta ishlash korxonalarining mavjud salohiyatini to‘liq ishga solgan holda aholi yetishtirgan mahsulotlarni qayta ishlash, tayyor mahsulotlarni eksportga yo‘naltirish, ish o‘rinlari sonini oshirish yuzasidan yangi vazifalar belgilab olindi.

Keyingi manzilda mavjud imkoniyatlardan unumli foydalangan holda "yashil" energiya ishlab chiqarish hajmlarini oshirish maqsadida "Surxon sohili" mahallasida 5 kVt’li mikroGES barpo etish ishlari bilan tanishildi. Shuningdek, viloyat rahbari "Yil ayoli" milliy ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida faxrli 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan, Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi JXX HP boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik O‘roltosh Eshimovani erishgan natijasi bilan tabriklab, viloyat hokimligi sovg‘alarini tantanali topshirdi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.