Surxondaryo viloyati hokimligi
“Zarchob-2 kichik GES” istiqbolli loyihasi ishga tushirildi

Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida bugun, 20 noyabr kuni yangidan barpo etilgan “Zarchob-2” kichik GES ishga tushirilishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Tantanali marosimda viloyat hokimi To‘ra Bobolov, “O‘zbekgidroenergo” AJ raisi, senator Abdug‘ani Sanginov, viloyat hokimi o‘rinbosarlari, tumanlar hokimlari, soha mutaxassislari, ommaviy axborot vositalari vakillari, nuroniylar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Quvvati 38,2 MVt bo‘lgan “Zarchob-2” kichik GES Prezidentning 2017 yildagi “2017-2021 yillarda gidroenergetikani rivojlantirish chora-tadbirlari Dasturi to‘g‘risida”gi hamda 2018 yildagi “O‘zbekiston Respublikasining 2019 yilga mo‘ljallangan Investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari asosida qurilib, foydalanishga topshirildi.

GES uchun zaruriy texnologik qurilmalar Xitoyning yetakchi kompaniyasi “Dongfang Electric International Corporation” tomonidan yetkazib berilib, asbob-uskunalar hamda gidroagregatlar mazkur kompaniya xodimlari hamda mahalliy mutaxassislar tomonidan birgalikda montaj ishlari olib borildi.

Mazkur ishlarni bajarishda sohada yetarlicha tajriba va nufuzga ega bo‘lgan “TURONELEKTROMONTAJ” AJ, “NP ESAN” MCHJ, “AGEM” MCHJ singari montaj-naladka yo‘nalishidagi korxonalar bilan bir qatorda “To‘polang GES” UKning Zarchob 2-KGES bo‘limiga joriy yilning boshida ishga qabul qilingan istiqbolli yosh mutaxassislar faol jalb qilindi.

Ahamiyatli jihati shundaki, ushbu resurslar tabiiy va qayta tiklanuvchan hisoblanib, mamlakatimiz energetika sohasiga o‘zining munosib hissasini qo‘shadi. GESlar tomonidan ekologiyaga hech qanday zarar yetkazmagan holda, barqaror energiya ishlab chiqarilib, viloyat sanoat korxonalari, turli idoralar va mahalliy aholiga yetkazib beriladi.

Mazkur loyihani ishga tushirilishi natijasida Surxondaryo viloyatining elektr energiyaga bo‘lgan talabining muayyan qismini, sanoat va iqtisodiyot korxonalarini gidroenergiya hisobidan ta’minlash imkoni vujudga keladi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning aprel oyida quvvati 37,4 MVt bo‘lgan “Zarchob-1” kichik GES foydalanishga topshirilgan.

 

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Saytimizning yangi talqini sizga yoqdimi?

Bog`lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.