Surxondaryo viloyati hokimligi
Viloyatda ma’naviy-ma’rifiy sohada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar muhokama qilindi

Bugun, 23 may kuni viloyat hokimligida videoselektor tarzida navbatdagi “Hokimlik soati” yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat, shahar va tumanlar sektorlari rahbarlari, hokimlik apparati mas’ul xodimlari, aloqador boshqarma va tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi. Yig‘ilishni viloyat hokimi To‘ra Bobolov boshqarib bordi.

Dastlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlarida belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli ijro qilinishi ahvoli to‘g‘risidagi masala muhokama qilindi. Bu borada sustkashlikka yo‘l qo‘ygan viloyat, shahar va tuman hokimliklarining tegishli mas’ullari ogohlantirildi.

Shundan so‘ng viloyatda ma’naviy-ma’rifiy sohada bajarilishi lozim bo‘lgan ishlarning samaradorligini oshirish borasidagi ishlar tanqidiy muhokama qilindi.

Jumladan, Oltinsoy tumani xalq ta’limi bo‘limi  uchta maktabda ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari va bitta maktabning ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchisini Prezidentning “O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni talablariga zid ravishda tanlovlarsiz lavozimga tayinlanganligi, Muzrabot, Angor tumanlari va Termiz shahrida Ma’naviyat va ma’rifat maskani foydalanishga topshirilishi belgilangan bo‘lsada, Angor tumani va Termiz shahrida qurilish ishlari yakunlanmaganligi, shuningdek, joriy yilda Boysun, Denov, SHo‘rchi, SHerobod, Qiziriq tumanlarida ham shunday maskanlarni qurish ishlari boshlanmaganligini ta’kidlanib, xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan mas’ullar ogohlantirilib, mavjud muammolarni hal etish bo‘yicha muddat belgilandi.

Shuningdek, hududlardagi aholi gavjum joylarda aholi ma’naviyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan, yovuzlikni targ‘ib etuvchi so‘zlar bilan atalgan joy nomlari mavjud ekanligi ta’kidlanib, ushbu holat milliy ma’naviyatimizga umuman mos kelmasligi sababli zudlik bilan bartaraf etish bo‘yicha mas’ullarga ko‘rsatmalar berildi.

Viloyat hokimi To‘ra Bobolov kun tartibidagi navbatdagi masala - 25 may - "So‘nggi qo‘ng‘iroq tadbiriga tayyorgarlik ko‘rish va uni ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazish, shu jumladan, ma’naviy-ma’rifiy va sport tadbirlarini yuqori saviyada tashkil etish hamda bitiruvchi yoshlar o‘rtasida yaqinlarining avtomobilini boshqarish natijasida avtohalokatlarning yuzaga kelishi xavfining oldini olish masalasiga to‘xtalib, bu borada nazoratni kuchaytirish bo‘yicha mas’ullarga qat’iy vazifalar yukladi.

Yig‘ilishda bolalarni sog‘lomlashtirish hamda dam oldirish maskanlarining mavsumga tayyorgarlik holati muhokamasi ham bo‘lib o‘tdi.

Surxondaryo viloyati hokimligi Matbuot xizmati

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Saytimizning yangi talqini sizga yoqdimi?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.